DAVLAT TEST MARKAZI

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi

DAVLAT TEST MARKAZI


Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar inson manfaatlariga xizmat qiladi

Respublikamizda mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta'lim sohasida ham tub islohotlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimiz yoshlariga respublikamizdagi ta'lim muassasalarida sifatli ta'lim olishlarini ta'minlash bilan bir qatorda xorijiy davlatlarning ta'lim muassasalarida ham ta'lim olishi, bilim va ko‘nikmalarini oshirishi uchun imkoniyatlar yaratib berilgan.

Shuningdek, xorijiy davlatlarda ta'lim olgan fuqarolarning ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasidagi amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlariga, davlat ta'lim standartlariga, o‘quv reja va dasturlari mazmuni va hajmiga muvofiqligiga huquqiy baho berish hamda xorijda o‘qib olingan ta'lim hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasida yuridik jihatdan kuchga ega bo‘lishini ta'minlash maqsadida 2000 yil 25 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 283-son qarori bilan “Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi Nizom” qabul qilingan. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi 1992 yil 1 yanvardan so‘ng berilgan hujjatlarni tan olish hamda ularni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibini belgilaydi.

O‘tgan davr mobaynida mazkur Nizom amaliyotda qo‘llanilishi jarayonida ma'lum o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritishga zaruriyat yuzaga kela boshladi. Ushbu zaruriyatdan kelib chiqqan holda hamda ta'lim sohasidagi islohotlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 3 apreldagi “Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 173-sonli Qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning eng muhimlaridan bo‘lib, xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladigan holatlar kengaytirildi. Xususan, xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta'lim muassasalari reytingida birinchi 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Davlat test markazining qo‘shma qarori bilan har yili ro‘yxati tasdiqlanadigan ta'lim muassasalarida ta'lim olgan bitiruvchilarning ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshirilishi qo‘shimcha sifatida kiritildi.

Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ijrosini ta'minlash, shuningdek, mamlakatimiz yoshlarini xorijiy davlatlarning ilg‘or va dunyoda tan olingan ta'lim muassasalarida bilim olishlarini rag‘batlantirish uchun xalqaro tan olingan tashkilotlarning (ARWU -  The Academic Ranking of World Universities, THE - Times Higher EducationQS - Quacquarelli Symonds) oliy ta'lim muassasalari reytingida birinchi 500 talik ro‘yxatiga kirgan oliy ta'lim muassasalari tarkibi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Davlat test markazining 2017 yil 12 apreldagi qo‘shma qarori (22-Q/Q va 12-Q/Q) bilan tasdiqlandi.

Nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalardan yana biri, ariza beruvchining xorijiy davlatda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi ta'lim hujjatini maxsus ekspertiza natijasida salbiy xulosa bilan nostrifikatsiyalash rad etiladigan holatlarga aniqlik kiritildi. Xususan, muayyan (ijtimoiy soha, pedagogika, tarix va huquq) ta'lim yo‘nalishlarining xususiyatidan kelib chiqib, o‘zlashtirilgan o‘quv fanlari hajmi va dars soatlari miqdori O‘zbekiston Respublikasining davlat ta'lim standartlariga muvofiq belgilangan tartibda tasdiqlangan namunaviy o‘quv rejaning 55 foizidan kam qismini tashkil qilsa, ekspert komissiyasi tomonidan salbiy xulosa berish mumkinligi va nostrifikatsiyalash rad etilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, ekspertiza natijasida maxsus sinovlarni belgilash amaliyotiga aniqlik kiritildi hamda ayrim sohalarning hususiyatlaridan kelib chiqib, shu vaqtga qadar ekspert komissiyalari tomonidan maxsus sinov sifatida belgilab kelingan “O‘zbekiston tarixi” fani o‘rniga mutaxassislikka oid fanlardan maxsus sinovlar belgilash amaliyoti joriy etildi. Xususan, maxsus sinovlar ariza beruvchining diplom ilovasida mavjud bo‘lgan 3 tadan ko‘p bo‘lmagan mutaxassislik fanlari bo‘yicha, huquq va pedagogika yo‘nalishlarida esa qo‘shimcha ravishda tarix va ijtimoiy fanlardan o‘tkazilishi belgilandi.

Respublikamizda 12 yillik (9 yillik umumiy o‘rta ta'lim + 3 yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi) ta'lim majburiy ekanligi va davlat qaramog‘ida bepul amalga oshirilishi belgilangan. Respublikamiz fuqarolari turli sabablarga ko‘ra, xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta va o‘rta ta'lim muassasalarida o‘qib, tegishli ta'lim hujjatlarini olishi yoki belgilangan o‘rta ta'limni tugallamasdan 10-sinf va 11-sinflarni tugatib, ma'lum fanlarni o‘zlashtirganligi to‘g‘risidagi baholar tabeli bilan yurtimizga qaytib kelishi mumkin. Ma'lumki, “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra umumiy o‘rta ta'lim o‘z ichiga 1-9 sinflarni qamrab oladi. Aksariyat mamlakatlarda 11 yillik yoki 12 yillik o‘rta ta'lim mavjud bo‘lib, o‘rta ta'lim turi respublikamizning amaldagi qonunchiligida bo‘lmaganligi, ammo, 12 yillik majburiy ta'lim joriy qilinganligi sababli, xorijiy davlatlarning o‘rta ta'lim muassasalarida 10, 11, 12 va undan yuqori sinflarda ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari ta'lim olganlik to‘g‘risidagi baholar tabeli (ma'lumotnoma) yoki shahodatnomaga asosan tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasida tashkil etilgan Komissiyalar tomonidan amalga oshirilib kelingan.

Amaldagi me'yoriy-huquqiy hujjatlardagi ushbu nomutanosiblikni bartaraf etish maqsadida, mazkur qaror bilan Nizomga quyidagi o‘zgartirish va qshimchalar kiritildi. Jumladan, xorijiy davlatlarning umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar xalq ta'limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta'limi bosh boshqarmasida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarning to‘liq o‘rta (to‘liqsiz o‘rta, o‘rta) ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlarini tan olish Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar  va Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi hududiy boshqarmalarida tashkil etiladigan Komissiyalar tomonidan amalga oshirish amaliyoti kiritildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi hududiy boshqarmalarida tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan xorijiy davlatlarning o‘rta ta'lim muassasalarida 10, 11, 12 va undan yuqori sinflarda ta'lim olgan talabgorlarning hujjatlari ta'lim olganlik to‘g‘risidagi baholar tabeli (ma'lumotnoma) yoki shahodatnomaga asosan tan olinadi va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) bo‘yicha tegishli xulosa qabul qilinadi. Bunda 10 va 11-sinf bitiruvchisining ma'lumot to‘g‘risidagi hujjatlari tegishli ravishda akademik litseyning 1 va 2-bosqichini tugatganligiga hamda 12 va undan yuqori sinf bitiruvchisining hujjatlari o‘rta maxsus ma'lumotga tenglashtiriladi.

Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi ta'lim hujjatlarini tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) amalga oshirilganda nostrifikatsiya guvoxnomalari rasmiylashtirib berilgan. Shu vaqtga qadar mazkur guvoxnomalarning davlat namunasi tasdiqlanmaganligi sababli, amaliyotda ayrim firibgarlar tomonidan guvoxnomalarni soxtalashtirish holatlari uchrab kelgan. Mazkur qaror bilan kiritilgan o‘zgartirishlardan biri sifatida xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar tan olinganda va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) amalga oshirilganda rasmiylashtirib beriladigan guvoxnomalarning davlat namunasi tasdiqlandi. Ushbu davlat namunasidagi guvoxnomalar maxsus himoyalangan blanklarda “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanishi belgilab qo‘yildi. Bu esa, amalda guvoxnomalarni qalbakilashtirish imkoniyatlarini chegaralashi bilan fuqarolarning aldanib qolishlarini oldini oladi.

Axborot xizmati.

Pochta xizmati

Yangiliklar taqvimi
Dekabr 2017
 
DuSeChPaJuShYa
        1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
TASHRIFLAR TAHLILI
Obuna
Siz bizning yangiliklarga a`zo bo`lishingiz mumkin

Obuna bo`lish
Murojaat
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 210
Yakunlangan 180
Qayta ishlash jarayonida 2
Rad etildi 28
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 722
Yakunlangan 722
(27.11.2017 yil holatiga)
SHRIFT O'LCHAMI
AXBOROT RESURSLARI
So'rovnoma
So'rovnoma