DAVLAT TEST MARKAZI

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi

DAVLAT TEST MARKAZI

Ma`ruza, nutq va bayonotlar

RSS
  • “Faoliyati litsenziyalangan nodavlat ta'lim muassasalarida litsenziya bitimida belgilangan talab va shartlarning bajarilishi ijrosi: muammo, takliflar va yechimlar” mavzusida ochiq yig‘ilish

    2017 yil 15 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida  “Faoliyati litsenziyalangan nodavlat ta'lim muassasalarida litsenziya bitimida belgilangan talab va shartlarning bajarilishi ijrosi: muammo, takliflar va yechimlar” mavzusida ochiq yig‘ilish tashkil etildi. Ochiq yig‘ilishda Davlat test markazining mas'ul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, nodavlat ta'lim muassasalari vakillari (ro‘yxat bo‘yicha) ishtirok etishdi. Ochiq yig‘ilish kun tartibida quyidagi masalalar muhokama qilindi:

    1. Nodavlat ta'lim muassasalarida litsenziya bitimida belgilangan talab va shartlarning bajarilishi haqida. (Olimbekov Zafarbek – bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari)

    2. NTM va Davlat test markazi o‘rtasida ma'lumotlar almashinuvining ON-LINE tarzda yo‘lga qo‘yilishi: dasturiy ta'minot bilan ishlash holati, muammolar va kelgusidagi vazifalar. (Olimbekov Zafarbek – bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari)

    3. NTM bitim ijrosining bajarilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijasi: muammo va takliflar (Mansurova Dilara – bosh ekspert)

     

    Ochiq yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori Ismailov Jaxongir Gafurovich ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

    Assalomu alaykum hurmatli xamkasblar, nodavlat ta'lim muassasalari vakillari! Avvalo barchangizni yaqinlashib kelayotgan bahor ayyomi – Navro‘zi olam bilan tabriklayman. Navro‘z barchaning xonodoniga fayzu baraka va to‘kinlik olib kelsin!

    Bugungi ochiq yig‘ilishimiz mavzusi “Faoliyati litsenziyalangan nodavlat ta'lim muassasalarida litsenziya bitimida belgilangan talab va shartlarning bajarilishi ijrosi: muammo, takliflar va yechimlar” deb nomlanadi. Ma'lumki, litsenziya olish jarayonida nodavlat ta'lim muassasalar va Vazirlar Mahkamasining nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasi ishchi organi o‘rtasida litsenziya bitimi rasmiylashtiriladi. Mazkur bitimda litsenziyalovchi organ va litsenziatning o‘zaro huquqlari hamda majburiyatlari, shuningdek, litsenziya talab va shartlari yoritiladi. Vazirlar Mahkamasining nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasining yig‘ilish bayoni bilan litsenziatlarning litsenziya talab va shartlarini bajarilishini nazorat qilish vazifasi Davlat test markazi zimmasiga yuklatilgan. Mazkur vazifalar ijrosini ta'minlash jarayonida nodavlat ta'lim muassasalari tomonidan qator kamchilik va qonun hujjatlari buzilishlariga yo‘l qo‘yilayotganiga guvoh bo‘ldik. Bugungi ochiq yig‘ilishni o‘tkazishdan asosiy maqsad - litsenziya talab va shartlarini bajarishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish hamda mavjud muammolar yechimini topishdan iborat.

    Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 1 martdagi “Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 100-son qarori bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra litsenziyalarni berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinadi. Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash sifatini nazorat qilish, pedagog kadrlarni va ta'lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish boshqarmasi komissiyaning ishchi organi funksiyasini bajaradi. Litsenziya nodavlat ta'lim muassasalariga ta'limning har bir turi uchun alohida beriladi.

    Ayni paytda, Respublikamizda Vazirlar Mahkamasining nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tomonidan 712 nafar nodavlat ta'lim muassasalari faoliyati litsenziyalangan. Shulardan, 220 tasi maktabgacha, 41 tasi umumiy o‘rta, 77 tasi maktabdan tashqari, 373 tasi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, 1 tasi oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

    Nodavlat ta'lim muassasalari litsenziyasini olish jarayonida ishchi organ va litsenziat o‘rtasida litsenziyalovchi organ va litsenziatning o‘zaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimi tuziladi va unda quyidagilar yoritiladi:

    bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;

    tomonlarning rekvizitlari;

    amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan aniq litsenziyalanayotgan ta'lim turining va ta'lim faoliyati yo‘nalishlari ro‘yxati nomi;

    litsenziyaning amal qilish muddati;

    litsenziatga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari;

    litsenziat tomonidan ta'lim faoliyatini amalga oshirish joyi (pochta manzili);

    litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;

    litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.

    Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va ishchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.

    Nodavlat ta'lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida NIZOMning 25-moddasida Litsenziya shartlari va talablariga litsenziat tomonidan rioya etilishini nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

    Litsenziya talab va shartlariga ko‘ra nodavlat ta'lim muassasalari quyidagilarni barishi shart:

    - O‘zbekiston Respublikasining ta'lim sohasidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya qilish;

    - ta'lim dasturlarini davlat ta'lim standartlari (umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta'lim muassasalari uchun) va davlat talablari (maktabgacha, maktabdan tashqari hamda kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta'lim muassasalari uchun)ga muvofiq amalga oshirish;

    - ta'limning majburiy ravishda dunyoviy xarakterda bo‘lishi, ta'lim jarayonida urushni, zo‘ravonlikni targ‘ib qilishdan foydalanishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari kamsitilishiga, mamlakatdagi xavfsizlikka va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikka, jamiyatning huquqiy va ma'naviy asoslariga, fuqarolar osoyishtaligiga, millatlararo va dinlararo totuvlikka rahna solinishiga, O‘zbekiston to‘g‘risida noto‘g‘ri axborotlar tarqatilishiga hamda uning tarixiy, madaniy va ma'naviy qadriyatlari buzib ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik;

    - litsenziya talabgorida litsenziyalanayotgan faoliyatni bajarish uchun mo‘ljallangan, unga mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquq bilan tegishli bo‘lgan, belgilangan talablarga muvofiq binolar (xonalar)ning mavjudligi;

    - nodavlat ta'lim muassasalarida fanlarni tegishli bazaviy ma'lumotga ega bo‘lgan, chet tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish sohasida esa, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan beriladigan davlat namunasidagi chet tilini bilishi va egallab olganligi darajasi to‘g‘risidagi malaka sertifikati mavjud bo‘lgan shaxslar tomonidan o‘qitish;

    - o‘quv va tarbiya jarayonini davlat ta'lim standartlariga (davlat talablariga), o‘quv rejalariga va ta'lim dasturlariga muvofiq tashkil etish;

    - litsenziya talabgorida ta'lim dasturlarining belgilangan darajasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari hamda ta'lim jarayonlarini ta'minlash vositalari mavjudligi;

    - auditoriyalarni, o‘quv xonalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya asbob-uskunalari, o‘qitishning texnik vositalari va anjomlar bilan jihozlash.

    - O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ijrosi doirasida Ishchi organ tomonidan, o‘z vakolatlaridan kelib chiqqan holda, berilgan taklif va ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida bajarish hamda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida yozma ma'lumot taqdim etish;

    Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi va faoliyat yuritish manzili (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin 1 (bir) oy muddatda ishchi organga ko‘rsatib o‘tilgan ma'lumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.

    Ishchi organ tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishni nodavlat ta'lim muassasasi attestatsiyasi va davlat akkreditatsiyasi orqali, rejali inspeksiya tekshiruvi orqali, rejadan tashqari inspeksiya tekshiruvi orqali amalga oshiradi.

    Shunga ko‘ra, Davlat test markazi 2016 yilda jami 60 ta: shundan, 35 tasi attestatsiya va akrreditatsiya qilish orqali, 25 tasi ommaviy axborot vositalari orqali beriladigan reklamalar orqali nazorat qildi. 2017 yilning 1 choragida 7 ta nodavlat ta'lim muassasalar tomonidan litsenziya talab va shartlariga amal qilish holati attestatsiya orqali, 1 ta nodavlat ta'lim muassasasi faoliyati rejadan tashqari o‘rganildi.

    O‘rganish natijasida quyidagilar ma'lum bo‘ldi:

    -         muassasalar tomonidan litsenziyalanmagan ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat olib borilishi;

    -         muassasalar tomonidan bitimda ko‘rsatilmagan manzillarda faoliyatni tashkil etilishi;

    -         yuridik manzil o‘zgarsada, litsenziyani qayta rasmiylashtirmasdan faoliyatni olib borilishi;

    -         muassasalarda xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilishi va egallab olganligi darajasi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan yoki tayanch ma'lumoti mos kelmagan pedagoglar tomonidan olib borilishi.

    Faoliyati o‘rganilgan barcha nodavlat ta'lim muassasalariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddatlar belgilandi va muassasalar tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi Davlat test markaziga taqdim etildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Bosh Vazir o‘rinbosari A.Ikramov tomonidan tasdiqlangan 2015-2020 o‘quv yillarda attestatsiyadan o‘tuvchi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi hamda nodavlat ta'lim muassasalari bo‘yicha rejasiga asosan 2017 yil yanvar oyidan xozirgi kunga qadar attestatsiyadan o‘tkazilishi rejalashtirilgan nodavlat ta'lim muassasalari bo‘yicha quyidagilar aniqlandi:

    3ta nodavlat ta'lim muassasalari turli sabablarga (masalan ijara shartnomasi muddati, ta'mirlash ishlari o‘tkazilishi va boshqalar) ko‘ra ta'sischi qaroriga asosan vaqtincha faoliyati to‘htatilgan, attestatsiya jarayoni qoldirilgan, bunday xolatlarda o‘z vaqtida yig‘ilish bayonnomasi qarorini Davlat test markaziga taqdim etish lozim.

    2ta nodavlat ta'lim muassasalarining faoliyati umuman to‘htatilgan, bunday xolat Davlat test markaziga ma'lum qilinishi va litsenziyasi Davlat test markaziga qaytarib berilishi lozim.

    2017 yilning birinchi choragi bo‘yicha 7ta nodavlat ta'lim muassasalarining attestatsiyasi o‘tkazildi va Attestatsiya natijalariga ko‘ra 6tasi bo‘yicha attestatsiya komissiyasi tomonidan “Attestatsiyadan o‘tdi” degan qaror qabul qilingan, 1ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi bo‘yicha esa attestatsiya natijalariga ko‘ra yetarli ball to‘play olmaganligi sababli Attestatsiyadan komissiyasi tomonidan “Attestatsiyadan shartli o‘tdi” degan qaror qabul qilingan.

    Xozirgi kunda 5ta nodavlat ta'lim muassasalarda attestatsiya jarayoni o‘tkazilmoqda. Attestatsiya jarayonida bevosita 4ta nodavlat maktabgacha va 1 ta boshlang‘ich ta'lim (1-4 sinf) muassasalarning attestatsiya jarayonida bevosita ishtirok etildi va attestatsiyadan o‘tuvchi xar bir nodavlat ta'lim muassasaning Litsenziya bitimining II bo‘limida keltirilgan litsenziatga qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlarini bajarilishi tahlil qilindi va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha quyidagi uslubiy ko‘rsatmalar hamda takliflar berildi:

    1.Maktabgacha ta'lim muassasalarii ta'lim faoliyatini faqatgina litseziya bitimida ko‘rsatilgan guruxlarda yoki umumiy ta'lim (1-4sinf, 1-9 sinflarda) yuritishlari mumkin, agarda to‘liq (1-9sinf) qo‘shimcha boshqa guruxlar, yoki qisqa muddatli guruxlar tashkil etmoqchi bo‘lsalar litsenziya bitimiga o‘z vaqtida qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish uchun Davlat test markaziga murojaat qilishlari lozim.

    2.Ta'lim faoliyatini faqat litsenziya bitimida ko‘rsatilgan manzillarda yuritish lozimligi, agarda boshqa manzillarda faoliyat yuritmoqchi bo‘lsangiz albatta litsenziya bitimiga o‘z vaqtida qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish uchun DTMga murojaat qilishlari lozim.

    3.Xar bir seminar qatnashchisi mazkur litsenziya bitimini diqqat bilan o‘qigan bo‘lsalar birinchi o‘rinda turgan talablardan biri bu O‘zbekiston Respublikasining ta'lim soxasidagi qonun xujjatlariga majburiy rioya qilish.

    Ushbu bandni ijrosini ta'minlashda, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta'limga oid Farmon, Qarorlari, va Farmoishlari, Vazirlar Maxkamasining Farmoish va qarorlari, hamda xalq ta'limi vazirligining qarorlari va buyruqlarining ta'lim muassasasi boshqaruviga tadbiq etilishini o‘rganilganda bir qancha muassasalarda ta'lim tarbiya jarayonida mazkur xujjatlar to‘liq emas, mavjudlaridan to‘liq foydalanilmagan. Ta'lim faoliyatiga tegishli amaldagi meyoriy xujjatlar ta'lim boshqaruvida va jarayonida to‘liq fodalanish tavsiya etildi.

    O‘quv va tarbiya jarayonlari Davlat ta'lim standartlariga, Davlat talablariga, Bolajon tayanch dasturi, o‘quv rejalari va ta'lim dasturlariga muvofiq tashkil etilgan, zarur o‘quv, o‘quv metodik adabiyotlar va boshqa kutubxona-axborot resurslari va vositalari mavjud

    O‘rganilgan ta'lim muassassalarda nodavlat ta'lim muassasalar bir qancha pedagog va tarbiyachilarning ma'lumoti Xalq ta'limi vazirligining 2015 yil 27 iyundagi 191-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Xalq ta'limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflari”ga mos emas, demak bunday xodimlar qayta tayyorlov kurslarida taxsil olishlari lozim.

    Masalan: Maktabgacha ta'lim muassasasi mudiriga mazkur xujjatga asosan quyidagi malaka talablari belgilangan:

    a) o‘z yo‘nalishi bo‘yicha kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot va kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash bo‘yicha kurslarni tugatganlik;

    b) xorijiy tillardan birining boshlang‘ich bosqichini va axborot kommuenikatsiya texnologiyalardan foydalanishni bilishi;

    v) besh yildan kam bo‘lmagan pedagogik ish staji.

    Umumiy o‘rta ta'lim maktabi direktoriga quyidagi malaka talablari belgilangan:

    a) pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot;

    b) xorijiy tillardan birining boshlang‘ich bosqichini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni bilishi;

    v) besh yildan kam bo‘lmagan pedagogik ish staji.

    Fan o‘qituvchilariga belgilangan malaka talablari:

    a) boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun boshlang‘ich ta'lim ixtisosligi bo‘yicha kamida o‘rta maxsus pedagogik ma'lumot;

    b) fan o‘qituvchisi uchun fan yo‘nalishiga to‘g‘ri keluvchi kamida bakalavr darajasidagi oliy pedagogik ma'lumot, yoki kamida bakalavr darajasidagi oliy ma'lumot va fan yo‘nalishiga to‘g‘ri keluvchi kursni tugatganlik;

    v) xorijiy tillardan birining boshlang‘ich bosqichini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni bilishi.

    4. Nodavlat ta'lim muassasalari har yili 1 yil muddat uchun o‘quv xonalarining yong‘inga qarshi holati talablarga javob berishi haqida IIB Yong‘in xavfsizligi Boshqarmasi tomonidan berilgan xulosani yangilab borishlari lozim.

    5. Nodavlat ta'lim muassasalari har yili 1 yil muddat uchun o‘quv xonalarining sanitariya-gigiena qoidalari talablariga javob berishi haqida Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi (DSENM) tomonidan beriladigan xulosasini yangilab borishlari lozim.

    6. O‘qitishning zamonaviy vositalari, o‘quv xonalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya asbob-uskunalari bilan jihozlashni davom ettirish. Maslan: Multimedia jixozlarini ta'lim jarayoniga tadbiq etish.

    7. Ta'lim jarayonini yangi pedagogik va axborot texnologiyalar asosida tashkil etishni davom ettirish va takkomillashtirish.

    Yuklab olish (PDF, 28KB)

     2017-03-18

    Прочитали: 147

    to'liqroq
  • Davlat test markazi direktori Jahongir ISMAILOVning “Xalq so‘zi” gazetasi muhbiri bilan suhbati (2016 yil 21 iyun)

    Test sinovlaridagi yangiliklar

    Ayni kunlarda mamlakatimizda navbatdagi o‘quv yili nihoyasiga yetishi bilan akademik litsey, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, umuman, talaba bo‘lishni diliga tukkan yigit-qizlar uchun hayajonli, mas'uliyatli va unutilmas damlar boshlandi. Ulkan orzular og‘ushida navqiron avlod vakillari o‘z hayotidagi eng muhim qarorlardan birini qabul qilishi, ya'ni kasb tanlashi, ertangi istiqboli yo‘lida mohir mutaxassis bo‘lib shakllanishi kerak bo‘ladi. Bunda joriy yilda oliy o‘quv brtlarida o‘tkaziladigan test sinovlaridagi yangiliklar har bir yigit-qizni qiziqtirishi tabiiy.

    Muxbirimiz Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori Jahongir ISMAILOV bilan shu haqda suhbatlashdi.

    — Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida Vatanimizni jadal ravnaq toptirish maqsadida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga alohida e'tibor qaratilayapti. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar ta'limni sifat hamda mazmun jihatidan yanada yuksak pog‘onaga olib chiqish, mutlaqo yangicha dunyoqarash va tafakkurga ega shaxslarni tarbiyalash imkonini berayotir.

    Yurtimiz ta'lim sohasida joriy etilgan asosiy yangiliklardan biri — MDH mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib, oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul test sinovlari asosida amalga oshirilishidir. Mazkur usulning yoshlar bilimi, qobiliyati hamda layoqatini aniqlashning xolis, haqqoniy, ishonchli va ayni paytda tezkor usuli ekanini vaqtning o‘zi isbotladi.

    Endi bevosita bu yilgi oliy ta'lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotasi haqida so‘z yuritsak. Ma'lumki, Prezidentimizning shu yil 26 maydagi “2016/2017 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassassalariga qabul to‘g‘risida”gi qaroriga asosan oliy ta'lim muassasalariga abiturientlarni qabul qilish kvotasi belgilab berildi. Chunonchi, ushbu o‘quv yilida bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga 57907 nafar talabalar qabuli tasdiqlangan. Bunda 19120 nafar talaba davlat granti, 38787 nafari esa to‘lov kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, maxsus sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha Toshkent kimyo-texnologiya institutining Qo‘ng‘irot bo‘limiga 65 nafar talaba davlat granti asosida, Toshkent axborot texnologiya universitetiga 50 nafar talaba, shundan 15 nafari davlat granti va 35 nafari to‘lov shartnoma asosida talabalikka qabul qilinishi belgilangan.

    — Navbatdagi o‘quv yilida oliy ta'lim tizimida qanday yangi yo‘nalishlar ochilayapti?

    — Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qaroriga muvofiq, respublikamizdagi 13 ta oliy ta'lim muassasasida 18 ta yangi ta'lim yo‘nalishi ochildi va ular bo‘yicha qabul kvotalari belgilandi. Ularga ko‘ra, 2016-2017 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent davlat texnika universitetida sakkizta, Toshkent arxitektura-qurilish institutida uchta, Toshkent kimyo-texnologiya institutida bitta, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bitta, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida bitta, Toshkent tibbiyot akademiyasida bitta, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida bitta, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali va Andijon qishloq xo‘jaligi institutlarida ikkita yangi ta'lim yo‘nalishiga talabalar qabuli amalga oshiriladi.

    — O‘tgan oliy o‘quv yurtlariga 605 ming 845 nafar abiturientdan hujjat kelib tushgan edi. Bu yil ham shunday yuqori ko‘rsatkich takrorlanadimi?

    — Oxirgi 3-4 yillar ma'lumotlarini tahlil qilganimizda, oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abiturientlar soni yiliga o‘rtacha 10-15 foiz o‘sib borganligining guvohi bo‘lamiz. Shularni hisobga olib aytganda joriy yilda ham oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abiturientlar soni oshishi kutilmoqda. Lekin hozirdan biror aniq raqamni keltirish noo‘rin. Shunday bo‘lsa-da, 2015/2016 o‘quv yilida oliy o‘quv yurti qabul kvotasiga nisbatan eng ko‘p abiturient hujjat topshirgan ta'lim muassasalari haqida aytib o‘tish mumkin. Jumladan, o‘tgan yili respublika bo‘yicha eng ko‘p hujjat Termiz davlat universitetiga topshirildi. 33 ming 243 nafar abiturient mazkur ta'lim maskanining talabasi bo‘lish istagini bildirgan. Bu bir o‘ringa 20 nafar yigit-qiz to‘g‘ri keldi, deganidir. Keyingi o‘rinlarni Jizzax davlat pedagogika instituti (24 ming 170 nafar), Andijon davlat universiteti (22 ming 819 nafar), Farg‘ona davlat universiteti (22 ming 253 nafar), Qarshi davlat universiteti (21 ming 832 nafar) egallagan.

    — Davlat test markazi tomonidan test jarayonlarini o‘tkazishga tayyorgarlik qanday davom etayapti?

    — Biz dastavval, joylarda auditoriyalarni tayyorlash ishlari hamda binolar dislokatsiyasini o‘rganib chiqdik. Shunga binoan, bu yil oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshiradigan abiturientlarning ko‘payishini nazarda tutgan holda ishlar olib bordik. Bundan tashqari, oliy, oliy harbiy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalariga qabul bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlariga Davlat test markazi vakillari sifatida ishtirok etishi belgilangan 5725 nafar nomzod uchun test sinovi o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida amaliy seminar mashg‘ulotlari tashkil qilindi. O‘z navbatida, ular tomonidan auditoriya rahbari va kuzatuvchi sifatida ishtirok etadigan 127 mingdan ortiq nomzod pedagog-xodimlar uchun amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Mashg‘ulotlarini sifatli o‘tkazish hamda yuqori tayyorgarlikka erishish maqsadida o‘zbek va rus tillarida test sinovi tartibiga bag‘ishlangan o‘quv videofilmi, taqdimotlar, ko‘rgazmali qurollar tayyorlandi va barcha hududga yetkazildi. Hozirgi kunda ham test sinovi o‘tkaziladigan binolar dislokatsiyasi bo‘yicha ish olib borilmoqda

    — Gazetxonlarimizga test sinovlaridagi mavjud imtiyozlar haqida to‘xtalsangiz?

    — Oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli (tanlovdan tashqari, test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz) davlat granti asosida qabul qilish Prezidentimizning 1993 yil 5 fevraldagi “O‘zbekistonning o‘quvchi yoshlarini rag‘batlantirish choralari to‘g‘risida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori hamda shu hujjatda keltirilgan Respublika olimpiadalari, tanlovlari va sport musobaqalarini o‘tkazish to‘g‘risida Nizom asosida amalga oshiriladi.

    Prezidentimizning 1999 yil 10 iyundagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta'sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni asosida qabul qilish ham ana shular jumlasidandir.

    O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari hamda tegishli vazirliklar, idoralar tomonidan har yili o‘tkaziladigan respublika tanlovlari g‘oliblari ham mazkur imtiyozga ega.

    Shuningdek, muddatli harbiy xizmatdan bo‘shash chog‘ida oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanomalar olgan harbiy xizmatchilar uchun test sinovlarida jamg‘arilishi mumkin bo‘lgan umumiy ballning 27 foizi miqdorida (61,2) ball berilishi imtiyozi ham mavjud.

    — Suhbatimiz so‘ngida test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan yigit-qizlarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

    — Yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, yurtimizda yoshlarning bilim olishi uchun juda katta imkoniyatlar yaratilgan. Bundan yigit-qizlar samarali foydalanishlari, fursatni zoe ketkazmasdan test sinovlariga puxta tayyorgarlik ko‘rishlarini maslahat berardik. Har xil test javoblari, turli “shpargalka”larga chalg‘imaslik zarur. Bular vaqtni behuda sarflashga olib keladi, xolos.

    Abiturientlarga omad va talaba bo‘lish baxtini tilagan holda, yana test sinovlari jarayonida ularga beriladigan test materiallari — savollar kitobi, javoblar varaqasining o‘zi haqidagi ma'lumotlar kiritilishi belgilangan joylarini to‘liq, xatosiz rasmiylashtirishlari, titul varaqasi hamda ruxsatnomasiga javoblar varaqasi raqamini bexato ko‘chirib yozishlari, shuningdek, imzo qo‘yilishi kerak bo‘lgan barcha ilova va shakllarga imzo qo‘yishni unutmasliklarini so‘raymiz. Bu ularning test sinovining keyingi bosqichida haq-huquqlarini ta'minlashda yordam beradi.

     

    “Xalq so‘zi” muxbiri

    Omonulla FAYZIeV

    suhbatlashdi.

     

     

    DTM Axborot xizmati

     

    Yuklab olish (pdf, 176 Kb)

     2016-06-24

    Прочитали: 656

    to'liqroq
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1875-son qarori: chet tillarni bilish darajasini aniqlashda pedagogik o‘lchovlar

    2016 yil 1-yarmi uchun «Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi»ga ko‘ra Davlat test markazi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi  PQ–1875-son qarori: chet tillarni bilish darajasini aniqlashda pedagogik o‘lchovlar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjuman 2016 yil 13 aprel kuni soat 11.00 da Milliy matbuot markazida tashkil etildi. Unda Davlat test markazi tomonidan direktor o‘rinbosari Mirzaev Farxod Isamovich va Chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi boshlig‘i Zuparxodjaeva Sevar Zakirovna ishtirok etdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 10 dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-1875-sonli qarorida bir qator vazifalar qo‘yilgan:

    - chet tillarni birinchi sinfdan boshlab o‘qitish;

    - yangi davlat ta'lim standartlarini ishlab chiqish va joriy qilish, yangi darsliklar va o‘quv-uslubiy komplekslar yaratish va ular bilan o‘qituvchi va o‘quvchilarni ta'minlash;

    - oliy ta'limi muassasalarida maxsus fanlarni chet tilida o‘qitish;

    - chet tillarni o‘rganishni samarali tashkil qilish uchun ta'lim muassasalarining moddiy texnika bazasini boyitish;

    - chet tillarni bilish darajasini baholashning Milliy test tizimini yaratish.

    Chet tillarni bilish darajasini baholashning Milliy test tizimi.

    Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 31 dekabrdagi “Chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikati berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 352-sonli qarori qabul qilindi.

    Bugungi kunda mazkur qarorga muvofiq talabgorlarning chet tilini bilish darajasi aniqlanib, chet tilini bilish darajasiga davlat namunasidagi malaka sertifikatlar berilmoqda.

    Talablar:

    barcha talabgorlar sertifikat olish uchun test sinovida ishtirok etishi mumkin

    sertifikat uch yil muddatga beriladi

    eng kam ish haqining 1,5 baravari miqdorida to‘lov to‘lanadi

    sertifikat har bir darajaga alohida beriladi

    test sinovi natijasiga muvofiq eng yuqori ballning 60 foizi va undan yuqori ball to‘plagan talabgorlarga sertifikat beriladi.

    Baholanadigan qo‘nikmalar:

    Tinglab tushunish

    O‘qish

    Leksik va grammatik kompetensiyalari

    Yozish

    Gapirish.

    2014-2016 yillar davomida chet tilini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi malaka sertifikatini olish maqsadida 878 nafar talabgorlar ariza bilan murojaat qilgan, jumladan 761 nafari ingliz tili talabgorlari. Test sinovlari natijasiga muvofiq talabni bajargan 450 nafar (51,3 foiz), jumladan V1 darajasiga 14 nafar, V2 darajasiga 368 nafar, S1 darajasiga 68 nafar talabgorlarga chet tilini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi malaka sertifikat berildi. 

    V2 darajasi sertifikati talabgorlari ko‘pchilikni tashkil qilmoqda (616 nafari ariza bergan, shulardan 287 nafari (46,6%) talabni bajargan.

    Test sinovlari V1, V2 va S1 darajalariga davlat namunasidagi malaka sertifikat olish uchun 9 ta tildan, ya'ni ingliz, nemis, fransuz, koreys, yapon, turk, arab, ispan, xitoy tillaridan o‘tkazildi.

    Test sinovlari uchun SEFR (Chet tillarini o‘zlashtirish umumevropa klassifikatsiyasi - Common European Framework of Reference for Languages) tavsiyalari asosida test topshiriqlarning yangi formati ishlab chiqildi va joriy etildi. 

    Test sinovlari uchun yangi formatdagi test topshiriqlar tajribali mutaxassislar jalb etgan, xalqaro tajribaga tayangan holda  ishlab chiqiladi. Bu borada Davlat test markazi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlarni olib bormoqda.

    Davlat test markazining Chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasining sayti (nsfla.uz) tashkil etilgan va unda test sinovlariga oid materiallar yoritilib, talabgorlarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan saytda test sinovlarini o‘tkazishning me'yoriy-huquqiy asoslari, test topshiriqlari namunalari, ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha tavsiyalar, test sinoviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma joylashtirilgan. Interaktiv xizmatlar orqali talabgorlar ariza berishi hamda natijasini bilishi mumkin.

     

    Yuklab olish (ppt, 388 Kb)

     2016-06-13

    Прочитали: 679

    to'liqroq
  • Chet tillar o’qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash test sinovlari tartibiga kiritilgan o’zgarishlar va test sinovlari formati haqida

    2015 yil 5 mart kuni Multimediya dasturlarini rivojlantirish markazida O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining videoselektor yig’ilishi o’tkazildi. Yig’ilishni Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov olib bordi. Yig’ilishda joylardagi tayanch maktablari negizida chet tillari o’qituvchilarining kasbiy mahoratini doimiy oshirib borish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi vazifalar muhokama qilindi. Yig’ilishda Davlat test markazi Chet tillarni bilish darajasining pedagogik o’lchovlarini rivojlantirish bo’limi boshlig’i o’rinbosari K.Jalilov qatnashib, chet tillar o’qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash test sinovlari tartibiga kiritilgan o’zgarishlar va test sinovlari formati haqida taqdimot qildi.

     

    Yuklab olish (rar, 1.99 Mb)

     2015-03-18

    Прочитали: 1117

    to'liqroq
  • Huquqiy fanlarni o‘qitish tizimini takomillashtirish (Davlat test markazining boshqarma boshlig‘i v.b. - Nazarov B.)

     

    Oliy ta'lim muassalarida huquqiy fanlarni o‘qitish tizimini takomillashtirish

    Davlatimiz rahbari Islom Karimovning tashabbuslari bilan ijtimoiy yo‘naltirilgan, erkin bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishga qaratilgan davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq tizimining qonunchilik asoslarini rivojlantirish hamda takomillashtirish sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish hozirgi davrimizning eng dolzarb masalalaridan biridir.

    Shuni alohida ta'kidlash joizki, jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh qilishning huquqiy asoslarini ilmiy-nazariy tadqiq etish huquqiy fanlar oldiga ustuvor vazifalarni qo‘ymoqda. Darhaqiqat, ijtimoiy fanlarning eng muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan huquqiy fanlar jamiyatda barqarorlik va huquqiy tartib o‘rnatishda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda huquqiy fanlarning asosiy maqsadi ham ijtimoiy munosabatlarning qonuniyatlarini va huquqiy qoidalarini o‘rganish, tadqiq qilish, ularga ilmiy va amaliy baho berish, yangilanayotgan jamiyatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda yondoshish hamda amaliyot uchun har tomonlama mukammal, asoslangan nazariy va amaliy xulosalar, taklif va tavsiyalar berishdan iboratdir.

    Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, huquqiy fanlarni rivojlantirishga keng imkoniyat va sharoitlar yaratildi. Huquqiy fanlar tarmoqlari bo‘yicha fundamental va amaliy ahamiyatga molik ishlar qilindi, lekin shunday bo‘lsada, jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh qilishda hali bu sohada o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolarning mavjudligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

    Demokratik huquqiy davlatni barpo qilish, rivojlantirish, adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini o‘stirish, Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini ta'minlash zamon talabidir. Bugungi kunda har bir fuqaro nafaqat o‘z huquq va erkinligini shu bilan bir qatorda burch va majburiyatlarini bilishi lozimdir, busiz demokratik huquqiy davlatni qurib bo‘lmaydi. Zero, muhtaram yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek “... huquqiy madaniyat darajasi faqatgina qonunlarni bilish, huquqiy ma'lumotlardan xabardor bo‘lishdangina iborat emas. U – qonunlarga amal qilish va ularga bo‘ysunish madaniyati demakdir” (Karimov I.A. Vatan sajdagoh kabi muqadasdir. T.Z., T. “O‘zbekiston”, 1999, 22-bet).

    Jamiyatning demokratiya yo‘lidan jadal rivojlanishi va bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan insonlarning huquqiy ong va madaniyat darajasiga bog‘lik ekanligi hech kimga sir emas. Bu borada, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1997 yilda qabul qilingan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi” (Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi //O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi. 1997. № 9) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 4 yanvarda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishining ahamiyati nechog‘li yuksak ekanini e'tirof etish o‘rinlidir. Mazkur Milliy dastur va farmoyishni ijro etish maqsadida bugungi kunda mamlakatimizning uzluksiz huquqiy ta'lim tizimi yaratildi.

    Davlat test markazi tomonidan mamlakat oliy ta'lim muassasalarida huquqiy ta'limni olib borishni nazorat qilish borasida amalga oshirilgan ishlar va ularning tahlili xususida quyidagilarni ta'kidlab o‘tishni joiz deb hisoblaymiz. Xususan, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda oliy yuridik ta'lim tizimi shakllantirildi. Ayni vaqtda bu tizim tarkibida Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro huquq” fakulteti, Qoraqalpog‘iston davlat universitetining “Huquqshunoslik” fakulteti kabi oliy ta'lim  muassasalari va fakultetlar mavjud. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi barcha oliy o‘quv yurtlarida huquqiy fanlar o‘qitilmoqda. Demak, mamlakatimizdagi oliy ta'limda huquqiy fanlarni o‘qitish ikki tizimda, ya'ni professional huquqshunoslarni tayyorlovchi yuridik oliy ta'lim muassasalarida hamda noyuridik oliy o‘quv yurtlarida olib borilmoqda.

     Shuni alohida ta'kidlash lozimki, mazkur huquqiy ta'lim tizimida tegishli me'yoriy-huquqiy, o‘quv-uslubiy, moddiy-texnik hamda axborot bazasi yaratildi. Shu asosda ilmiy tadqiqotlar jarayoni rivojlandi va  ilmiy-pedagog kadrlar ta'minoti yo‘lga qo‘yildi.

    Shiddat bilan rivojlanib boryotgan hozirgi jarayonlar xususan yangi axborot texnologiyalari va axborot makoni, integratsiya va globallashuv jarayonlaring jadallashuvi huquqiy ta'limni yanada takomillashtirishni talab etmoqda. Davlat test markazi faoliyati davomida to‘plangan tajribalar asosida ayrim taklif va mulohazalarimni e'tiboringizga havola qilmoqchiman, xususan:

    huquqiy fanlarni o‘qitishda yangi sifat darajasiga erishish;

    talabalarda mamlakat huquqiy tizimidagi amaliy muammolarning yechimini topish borasida bilim va ko‘nikmalarini yuqori darajada shakllantirishga erishish;

    professor-o‘qituvchilarni chet tilini yetarli darajada bilish, axborot-kommunikatsiya vositalaridan yuqori darajada foydalana olishiga erishish;

    huquqiy ta'lim jarayonida zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalardan yanada samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish;

    mamlakatdagi yuridik adabiyotlarga ixtisoslashgan nashriyotlarda huquqiy adabiyotlarni nashrdan chiqarish va ularni maqbul narxlarda oliy ta'lim muassasalariga yetkazib berishni kuchaytirish;

    ta'lim tizimida yangi innovatsion texnologiyalardan keng foydalanish va masofaviy ta'limni joriy etish.

    yuridik oliy ta'lim muassasalari qoshida “yuridik klinika” yoki boshqa o‘quv jarayoni bilan amaliyotni uyg‘unlashtiruvchi o‘quv shakllarini tashkil etish;

    qabul qilinayotgan yangi qonunlar va unga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalardagi ishtiroki to‘g‘risidagi me'yoriy xujjatlar bilan yuridik oliy ta'lim muassasalarini muntazam ta'minlab borishni yo‘lga qo‘yish;

    huquqiy adabiyotlarning yangi avlodlarini, elektron va multimedia darsliklarini tayyorlash bo‘yicha yuridik oliy ta'lim muassasalari faoliyatini kuchaytirish, bunday adabiyotlarni yaratayotgan professor-o‘qituvchilarni moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish;

    yuridik kadrlar malakasini oshirish tizimiga e'tiborni kuchaytirgan holda, o‘z malakasini doimiy oshirib borayotgan va malaka oshirish natijalarini o‘quv jarayonida samarali qo‘llayotgan professor-o‘qituvchilarni tizimli ravishda rag‘batlantirib borish;

    huquqiy tarbiyada “oila-ta'lim muassasasi-mahalla” tizimini kuchaytirish, mazkur tizim doirasida huquqiy bilimdonlik bo‘yicha tanlovlar, viktorinalar kabi turli shakllarni, huquqiy bilimni keng targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarni yuridik oliy ta'lim muassasalarida tizimli o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish;

    huquqiy ta'lim tizimiga amaliyotchilarni keng jalb etish, oliy ta'lim muassasalarida joylardagi sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari tomonidan tizimli  ravishda “Master klass”lar tashkil etish;

    oliy ta'lim muassasalari yuridik ta'limni amalga oshirishda nazariy bilimlarni amaliyot bilan yanada uyg‘unlashtirish uchun parlament palatalari, sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishi;

    maqsadli kadrlar tayyorlashga e'tiborni kuchaytirish, ya'ni buyurtma asosida magistrlik dissertatsiyalari va malakaviy bitiruv ishlarini tayyorlash hamda bitiruvchilarni ishga jalb etish masalalariga jiddiy e'tibor qaratishlari maqsadga muvofiqdir. 

     

    Yuklab olish  (ppt, 9417 Kb)

     2014-05-16

    Прочитали: 3446

    to'liqroq

Pochta xizmati

Yangiliklar taqvimi
May 2017
 
DuSeChPaJuShYa
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31        
TASHRIFLAR TAHLILI
Hozir saytda 54 nafar foydalanuvchi
Система Orphus
Obuna
Siz bizning yangiliklarga a`zo bo`lishingiz mumkin

Obuna bo`lish
Murojaat
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali
Murojaat kelib tushdi 36
Yakunlangan 28
Qayta ishlash jarayonida 3
Rad etildi 5
Ishonch telefoni orqali
Murojaat kelib tushdi 115
Yakunlangan 115
(14.03.2017 yil holatiga)
SAHIFA O'LCHAMI
AXBOROT RESURSLARI

To`g`ridan to`gri (maxsus sinovlarsiz) Nostrifikatsiyalanadigan OTMlar ro`yxati


STAFF 2017

So'rovnoma
So'rovnoma