Xalqaro hamkorlik

Davlat test markazining xorijiy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi to’g’risida ma’lumot

Xorijiy va xalqaro nodavlat tashkilotlar:

DAVLAT TEST MARKAZI - «OXFORD UNIVERSITY PRESS»: HAMKORLIK YO‘LIDA

2017 yil 28 noyabr kuni Davlat test markazi rahbariyati va ekspertlari «Oxford University Press»ning mintaqaviy menejeri Martin Kurtis, «Oxford University Press»ning Qirg‘izistondagi vakili Aida Ishenbaeva va “ZAR DONISH” xususiy korxonasi rahbari Shaira Avazova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Davlat test markazi direktori M.M.Karimov mehmonlarni markazning asosiy vazifalari, oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarini tashkil qilish, test materiallari, shu jumladan CEFR tavsiyalari asosida tayyorlanishi bilan tanishtirdi.

Martin Kurtis uchrashuv qatnashchilarini «Oxford University Press» faoliyati, yangi onlayn test tizimida “so‘zlash” mahoratini tekshirish imkoniyatlari borligi to‘g‘risida ma'lumot berdi.

Aida Ishenbaeva «Oxford University Press»ning Qirg‘iziston Respublikasidagi faoliyati, oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari tizimi to‘g‘risida to‘htalib o‘tdi.

Taraflar tajriba almashish, kelajakdagi hamkorlik to‘g‘risida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar. Bu esa o‘z o‘rnida test materiallari va test tizimi sifati yaxshilanishi uchun yangi qadam bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining UNESCO tashkiloti bilan “Ilm-fan va ta'lim sohasida” xalqaro hamkorlik  dasturi asosida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida:

Ilm-fan va oliy ta'lim sohasida global islohotlarni amalga oshirish maqsadida UNESCO tashkiloti va Davlat test markazi hamkorlikda turli yo‘nalishdagi tadbirlar o‘tkazilgan. O‘tkazilgan tadbirlarda Davlat test markazining quyidagi xodimlari ishtirok  etishgan:

Davlat test markazi sobiq direktori  B. Ismoilov  2013 yil 21-23 may kunlarida Bangkok shahrida o‘tkazilgan “Osiyo va Tinch okeani mintaqasida oliy ta'lim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risida” mavzusida tashkil etilgan konferensiyada ishtirok etgan.

2016 yil 5-7 dekabr kunlari Qozog‘istonning Almati shahrida UNESCO tomonidan “Savodxonlikni baholash, testlarni ishlab chiqish” mavzusida mintaqaviy seminar tashkil etildi. Ushbu seminarda UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy kengashi taklifiga binoan  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining Test sinovlari texnologiyalarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i U.Dusnazarov ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi ta'lim sifatini oshirish borasida o‘quvchilar o‘zlashtirish darajasini baholash uslublarini ishlab chiqish bo‘lib, unda UNESCOning Bangkokdagi mintaqaviy vakolatxonasi va Pirson attestatsiya markazi mutaxassislari tomonidan testlar ishlab chiqish uslublari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Seminar mashg‘ulotlarini Sidney Universiteti qoshidagi Ta'lim darajalarini o‘lchash va baholash markazi direktori, professor Djim Tognolini quyidagi quyidagi mavzular bo‘yicha olib bordi.

  1. Zamonaviy baholash nazariyasiga kirish. Baholash faoliyatining barcha turlari uchun asosiy prinsiplar
  2. Sifatni baholash savollarini ishlab chiqish: testning ishonchliligi va validligini ta'minlash prinsiplari
  3. Sifatni baholash savollarini ishlab chiqish: yopiq shakldagi test savollari
  4. An'anaviy metodlardan foydalangan holda test sinovlari va test savollarini tahlil qilish.

Shuningdek, seminar davomida 2013 yil mart oyidan UNESCOning Bangkokdagi mintaqaviy vakolatxonasida  ish boshlagan  Osiyo–Okeaniya mintaqalarida ta'lim sifati monitoringini olib boruvchi NEQMAP tashkiloti haqida ma'lumotlar berildi.

UNESCO mintaqaviy seminaridan o‘rganilgan tajriba va ma'lumotlar asosida taqdimot tayyorlanib, Davlat test markazida 2016 yil 14 dekabr kuni tashkil etilgan Respublika ta'lim muassasalariga 2017/2018-o‘quv yili qabul test sinovlarida foydalanishga tavsiya etiladigan test topshiriqlari bazasini o‘rganish va uni zamon talablari asosida shakllantirishda Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan umumta'lim fanlari bo‘yicha ekspertlar guruhlarining faoliyatini samarali tashkil etish va testologiya sohasidagi ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida fan ekspertlari uchun test topshiriqlarini tuzish va uni ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha o‘quv seminar mashg‘ulotlarida ishtirok etildi.

Davlat test markazi bo‘lim boshliqlari B. Nazarov, A. Baratov 2016 yil 1 dekabrda Toshkent shahrida tashkil etilgan “Hayot davomidagi ta'lim” mavzusidagi UNESCO tashkiloti hamda Germaniyaning DVV international tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyada ishtirok etishgan.

Davlat test markazi xodimi Z. Olimbekov 2016 yil 15-16 dekabr kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan “Hayot davomidagi ta'lim” hamda 2015-2030 yillarga tasdiqlangan BMTning Barqaror rivojlanish dasturining (Barchaga inklyuziv va sifatli ta'lim berish va hayot davomida ta'lim olish imkoniyatini yaratish) 4-maqsadini amalga oshirish mavzusidagi UNESCO tashkiloti hamda Germaniyaning DVV international tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyada ishtirok etgan.

Bundan tashqari UNESCO tashkiloti bilan hamkorlikda “Osiyo va Tinch okani mintaqasi davlatlarida o‘quv kurslari, oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplomlar va ilmiy darajalarni tan olish to‘g‘risida” gi UNESCO konvensiyasiga qo‘shilish masalasi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.