Davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlar

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 31 maydagi PQ-1765-son va 2017 yil 4 apreldagi PQ-2867-son qarorlariga muvofiq muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish, ular tomonidan jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘zlashtirganligini yakuniy baholash, shuningdek ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida harbiy qismlarda test sinovlarini o‘tkazish masalasi bo‘yicha joriy yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Muddatli harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik dasturlariga mos bo‘lgan namunali test savollarini tuzish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

 

Yetakchi testolog bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2017 yilning 12-16 noyabr kunlari Britaniya Kengashi O‘zbekistonda “Ta'limdagi milliy reformani qo‘llab-quvvatlashda baholash tizimidagi yangi yondoshuvlar”  bo‘yicha trening tashkil etdi. Unda ishtirok etish uchun Davlat test markazi vakillari taklif etildi.

Treningni o‘tkazish uchun jahondagi yetakchi testologlardan biri Rita Grin (Lankaster universitteti, BuyukBritaniya) taklif etilgan. Uning rahbarligida ko‘plab loyihalar, jumladan O‘zbekistonda ham amalga oshirilgan.

Qabul testlarini takomillashtirish bo‘yicha loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Britaniya Kengashining qo‘shma tashabbusi bo‘lgan.

Loyiha 2004-2007 yillarda ingliz tili bo‘yicha, 2006-2008 yillarda esa umumta'lim fanlar bo‘yicha amalga oshirilgan edi.

Ushbu trening doirasida Davlat test markazi rahbariyati, Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi ekspertlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Chet tillari, umumta'lim fanlari bo‘yicha testlarni takomillashtirish, baholash vositasi sifatida testlar validliligini va ishonchliligini oshirish, ularni test sinovlarining xalqaro standartlariga moslashtirish masalalari bo‘yicha samarali fikr almashildi.

Shuningdek, zamonaviy va samarali test o‘tkazish usullarini tadbiq  etish, test tuzuvchilarni tayyorlash, test topshiriqlarini sinovdan o‘tkazish, statistik ma'lumotlarni tahlil qilish muammolari ham muhokama qilindi.

Uchrashuvda chet el mamlakatlarining yetakchi o‘quv va ilmiy muassasalarida Davlat test markazi ekspertlari malakasini oshirish masalalariga katta e'tibor berildi.

Ushbu konstruktiv uchrashuv yakunida Davlat test markazi va Britaniya Kengashi test o‘tkazish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha kelgusi hamkorligi to‘g‘risidagi kelishuvga erishildi.