Ma’ruza, nutq va bayonotlar

Davlat test markazi direktori Madjid Malikovich Karimovning Navro'z bayramiga bag‘ishlangan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Qadrli do‘stlar!

Go‘zal va sururli yurtimizda bahor bayramlari shabadasi esmoqda. Bugun xalqimiz, qolaversa, butun musulmon yurtlari kirib kelayotgan va tarix uzra bardavom hamda totuvlik, bag‘rikenglik, ezgulik bilan to‘yingan asl Sharqona Navro‘zi olam shodiyonalari bilan yashamoqda. Yangilanish, poklanish bilan yo‘g‘rilgan mazkur tarixiy ayyom arafasida vatanimizning barcha xalqlari dini, irqi, millatidan qat'i nazar, tinchligimiz, osoyishtaligimizga shukronalar aytib, shahar, qishloq, mahalla, ko‘cha va guzarlarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish bilan bandlar, umumxalq hasharlarida ishtirok etmoqdalar, muhtojlarga ko‘maklashmoqdalar, bemorlardan xabar olishdek savob ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bunday kunda bir-birlarini chin yurakdan qutlash ham katta e'tibordir.

O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi jamoasi ham barcha mehnatkash, mehmondo‘st, bolajon va doimo yangilikka, bunyodkorlikka intiluvchan xalqimizni, yurtimiz mehmonlarini Navro‘z ayyomi bilan muborakbod etadi. Mustahkam sog‘lik, tinchligu xotirjamlik, dasturxonlariga qut-baraka tilaydi. Har bir xonadon uzra mehr-oqibat, omad, baxt quyoshi porlab turishiga tilakdoshdir.