Davlat xaridlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining davlat xaridlarini o‘tkazish uchun Odob-axloq qoidalari

1.    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi xodimlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda rioya etishi lozim bo‘lgan Odob-axloq qoidalari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 9 apreldagi 472-son Qonuni asosida ishlab chiqilgan.
Davlat test markazi o‘z faoliyati uchun zarur bo‘lgan tovar(ish, xizmat)lar xaridini amalga oshirish jarayonida ushbu Odob-axloq qoidalariga(keyingi o‘rinlarda “Qoidalar” deb nomlanadi) rioya qiladi.

2.    Davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida quyidagi prinsiplar asosida ish yuritiladi:
davlat buyurtmachisining kasbiy mahorati;
asoslanganlik;
ochiqlik va shaffoflik;
tortishuv va xolislik;
mutanosiblik;
Davlat xaridlari tizimining yagonaligi;
moliyaviy mablag‘lardan foydalanishning oqilonaligi, tejamkorligi, samaradorligi;
korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik.

3.    Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish:
Davlat test markazining davlat xaridlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining a'zolari xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda o‘z ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan istalgan shaxsiy nafni bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.
Yuqorida sanab o‘tilgan shaxslar:
-shaxsiy manfaatdor emasligini, shuningdek o‘z oila a'zolarining manfaatdor emasligini kafolatlashi kerak, aks holda shaxsiy manfaatdorlik hamda boshqa ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida ziddiyat yuzaga keladi yoki kelishi mumkin;
-manfaatlarning istalgan potensial, taxmin qilinayotgan yoki mavjud to‘qnashuvi haqidagi axborotning oshkor etilishini kafolatlashi kerak.
Mavjud yoki taxmin qilinayotgan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar topgan, yuqorida nomlari keltirilgan shaxslar bu haqda bevosita rahbarga xabar qilib, bir vaqtning o‘zida vakolatli organni xabardor etishi shart. Manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma'lumotlar olgan rahbar uning oldini olish yoki uni bartaraf etish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rishi shart.

4.    Kasbiy tayyorgarlikni tekshirish tartib-taomillari va unga doir talablar: Davlat xaridlarini amalga oshirishga mas'ul etib biriktirilgan xodimlar hamda xarid komissiyasi a'zolari kasbiy tayyorgarligi jihatidan o‘rnatilgan talablarga javob berishi lozim. 

5.    Davlat xaridlari jarayonida quyidagilarga:
ishtirokchilarni kamsitishga, boshqa ishtirokchilarga zarar yetkazgan holda bir ishtirokchiga imtiyozlar yoki preferensiyalar berishga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, davlat xaridlari sub'ektlariga ta'sir o‘tkazishga, davlat xaridlarida ishtirokchilarning ishtirok etishi to‘g‘risidagi axborotni oshkor etishga, ularning sonini asossiz ravishda cheklashga yoki ularning malakasiga qo‘yilgan talablarni oshirishga, raqobatga yo‘l qo‘ymaslikning, uni cheklashning yoki bartaraf etishning boshqa shakllariga, bundan qonun hujjatlarida belgilangan hollar mustasno;
narxlarni yoki ishtirokchilarni saralash natijalarini buzib ko‘rsatish maqsadida ishtirokchilarning oldindan til biriktirishiga;
ishonchsiz yoki buzib ko‘rsatilgan axborotni taqdim etish yoki tarqatishga, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishni asossiz ravishda cheklashga;
davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlashga;
ishtirokchilarning sun'iy tarzda pasaytirilgan narxlar bo‘yicha takliflar berishiga, keyinchalik shartnomani imzolashni yoki uni tegishli tarzda ijro etishni rad etishiga;
davlat xaridi tarkibiga texnologik va funksional jihatdan o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) kiritishga;
firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiyaning namoyon bo‘lishiga;
moliyalashtirish manbalari va hajmlari mavjudligi to‘g‘risida tasdiqlarga ega bo‘lmagan yoki ajratilgan mablag‘lar hajmidan ortiq miqdordagi davlat xaridlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

6. Xodim tomonidan Qoidalarning buzilishi uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin.