DAVLAT TEST MARKAZIDA OCHIQ MULOQOTLAR BO‘LIB O‘TDI

20-12-2018 | 3247

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida 2018 yilning 20 dekabr kuni muhim tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Davlat dasturi” hamda 2017 yil 8 fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Davlat test markazi korrupsiya qarshi” mavzuida, shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida ijrochilar hamda aholini xabardor qilish sifatini oshirish”ning Davlat test markazida ijrosi yuzasidan olib borilgan ishlar va kelgusida bu boradagi ishlarni aniq mexanizmlar asosida tashkil qilishga qaratilgan yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan navbatdagi ochiq davra suhbati o‘tkazildi.

Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xodimi Niyozxodjaev Qahramon Erkinovich va Adliya vazirligi xodimi Radjabboev Dilmurod Quldosh o‘g‘li hamda Davlat test markazi xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

 

Tadbir davomida bosh prokuratura va adliya vazirligi xodimlari o‘z ma'ruzalari orqali normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash va ularni rasmiylashtirish bo‘yicha keng tushunchalar berildi hamda korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan ishlar, tezkor tadbirlar, korrupsiyani oldini olish mexanizmlari, shuningdek, muassasada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi muhim ma'lumotlar taqdim etdilar.

 

 

Shu bilan birga, olib borilayotgan ishlar bo‘yicha mavzuga oid videolavhalar namoyish etildi. Tadbir jonli musohaba ruhida o‘tdi.

  

Shu kunning o‘zida Davlat test markazi Hay'atining yig‘ilishi o‘tkazildi. Uning birinchi masalasi ochiq maqomida bo‘lib, Prezidentimizning 2017 yil 16 noyabrdagi PQ-3389-son qarori ijrosini ta'minlashga bag‘ishlandi.

Mazkur qarorda belgilangan talablarga muvofiq, Davlat test markazi xodimlari malakasini xorijiy mamlakatlarning faoliyati test sinovi tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq vazirlik, markaz va ta'lim muassasalarida oshirish bo‘yicha 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Xususan, unda Davlat test markazi xodimlarining Rossiya, Germaniya, AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreyaga qilgan xizmat safarlari yakunlari bo‘yicha hisobotlari tinglandi hamda tahlili o‘rganildi.

 

 Kun tartibining mazkur masalasi davomida tashrif buyurilgan xorijiy mamlakatlarda oliy ta'lim muassasalariga qabulga doir test sinovlarini tashkil etish va o‘tkazishning eng zamonaviy, adolatli shakl va usullarini mamlakatimizda tatbiq etish yuzasidan  tegishli tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.

Yig‘ilish yakunida jamoatchilik fikrini o‘rganish, ular bilan aloqa sifatini ko‘tarish, ommaviy axborot vositalarida e'lon qilib borilayotgan materiallar bilan muntazam tanishib borish va materiallar tayyorlash, shuningdek, bu borada tegishli tavsiyalar, takliflar ishlab chiqish yuzasidan muhim qarorlar qabul qilindi.

 

Axborot xizmati