Davlat test markazida qabul jarayonini takomillashtirish bo`yicha muhim davra suxbati bo`lib o`tdi

05-10-2018 | 3465

2018-yil 5-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar topshirish, «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilishi masalasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Toshkent davlat yuridik universiteti vakillari, shuningdek, Davlat test markazi direktori, direktor o‘rinbosari, boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda test sinovlarining dasturiy-texnik ta’minoti bo‘limi xodimlari ishtirok etdilar.

Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish hududlardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishini Davlat test markazi qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda 2019/2020 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish jarayonini yuqori darajada tashkil etish, abituriyentlarni ortiqcha ovoragarchiliklardan halos etish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish asosiy maqsad qilib olingan holda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

  1. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirish jarayonini tashkil etishning amaldagi normativ-huquqiy asoslari hamda bunday turdagi xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatilishining normativ-huquqiy asoslari.
  2. 2018/2019 o‘quv yilida Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abiturientlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Davlat xizmatlari agentligi tomonidan “ABITUR” dasturiga kiritishda yuzaga kelgan muammolar, tajriba-sinov natijalari, tahlillar, shuningdek, muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar.
  3. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjatlar topshirish bo‘yicha 2019 yilgi qabul jarayonining tashkiliy masalalari va normativ-huquqiy hujjatlari.

 

Yig‘ilish so‘ngida kun tartibida ko‘rib chiqilgan masalalar dolzarb ekanligi ta’kidlandi va qayd etilgan masalalarni o‘rganib chiqish bo`yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi, Toshkent davlat yuridik universiteti va Davlat test markazining mas`ul xodimlari jalb etilgan ishchi guruh tuzildi.