QOZOG`ISTON TEST TIZIMI BILAN TANISHILDI

24-12-2018 | 897

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi PQ-3389-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida joriy yilning dekabr oyida Davlat test markazi xodimlaridan iborat navbatdagi delegatsiya tajriba almashish va malaka oshirish uchun Qozog‘iston Respublikasida tashrif buyurdi.

Tashrif davomida delegatsiya a'zolari  19 dekabrdan 21 dekabrgacha Qozog‘iston Respublikasi Milliy test markazida bo‘ldilar.

U yerda Milliy test markazi direktori Ramazon Siximovich Alimqulov bilan suhbat o‘tkazildi va u tashkilotning umumiy faoliyati bo‘yicha ma'lumot berdi. Shuningdek, markazning barcha boshqarma boshliqlari va mutaxassislari ishtirokida amaliy seminarlar tashkil etildi.

O‘z navbatida, qozog‘istonlik hamkorlar ham O‘zbekistonda 1 avgustdan 20 avgustgacha katta pavilonlarda test sinovlarini o‘tkazishning, test sinovlari natijalarining test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasigayoq e'lon qilinishi hamda abiturientning o‘qishga kirgan-kirmaganligini bilib olishining afzalliklari hamda test sinovlari shaffof o‘tkazilganligi, test sinovi jarayonlari onlayn translyasiya qilinganligi, ota onalar ham kutish joylariga o‘rnatilgan katta monitorlarda test sinovi jarayonlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatib turganligi haqidagi ma'lumotlarga ega bo‘lishdi.

 

 

Delegatsiya a'zolari Qozog‘istonda oliy ta'lim muassasalariga kirish test sinovlari yanvar oyidan avgust oyiga qadar 4 bosqichda o‘tkazilishi va oyma-oy bajariladigan ishlar mazmuni, bunday tartibda test sinovlarining tashkil etilishi yetarli ball to‘play olmaganlarga, test sinovlaridan chetlashtirilganlarga, sababsiz test sinovlariga qatnasha olmaganlarga shu yili oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirib o‘qishlari uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratilishi to‘g‘risida ma'lumotlarga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasi Milliy test markazida test sinovi topshiriqlari tuzilishi, fanlar majmui, test topshiriqlari miqdori, ball berish tizimi, o‘tish ballari oldindan belgilab qo‘yilganligi, oliy ta'lim muassasasini tanlash imkoniyati, test natijalari bo‘yicha barcha talabgorlarga sertifikat berilishi va  talabgorlar mazkur sertifikatlari asosida tanlagan oliy ta'lim muassasalarida o‘qish uchun konkursda ishtirok etishlari kabi zamonaviy tajribalar bilan tanishdilar hamda malaka oshirdilar.

Tashrif yakunida Qozog‘iston Respublikasi milliy test markazi bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat test markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi. Tashrif davomida delegatsiya a'zolariga O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘istondagi elchixonasi xodimlari hamrohlik qilishdi. Delegatsiya a'zolari Ozbekiston Respublikasining Qozogistondagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jaevning taklifiga asosan 22 dekabr kuni elchixonada bo‘lishdi. Saidikrom Niyozxo‘jaev elchixona faoliyati bilan tanishtirib, tashrif taassurotlari bilan qiziqdi va o‘zining ayrim takliflarini bildirdi.

Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirilgan tashrif davomida boyitilgan malaka va ko‘nikmalar test sinovi tizimini rivojlantirishga, zamonaviy va adolatli shakl hamda tartiblarni qo‘llashga, tatbiq etishga xizmat qiladi.

 

 

 

 

 Axborot markazi