SABRNING TAGI OLTIN ... MI?

06-09-2018 | 2595

Bu mavzuda avval ham yozgandik. Ommaviy axborot vositalari hayotimizda o‘ta muhim o‘rin tutadi. Haqiqatan ham bugungi zamonning tezkorlik, muhimlik, aniqlik hamda xolislik shitobida televideniye, radio, gazeta va jurnallar, hatto veb-saytlarning roli naqadar ulkan ekanligini rad etib bo‘lmaydi. To‘g‘rida, uydami, ko‘chadami, ishdami – qaerda bo‘lmaylik, axborotlar oqimi, girdobining asiridamiz. Jurnalistlarimiz axborot uzatish borasida anchagina pishiq bo‘lib qoldilar. Sho‘rolar zamonida bo‘lgani kabi barcha ommaviy axborot vositalarida bir xil “yangilik” emas, balki avvallari eshitmagan, “mish-mish” bo‘lmagan rang-barang mavzudagi yangilik, ma'lumotlar uzatilmoqdaki, ularni “hazm” qilish oson kechmayapti. Kunning bir daqiqasida kechikkan yangilik yangilik bo‘lmasligi, zum o‘tmay eskirishi, unga bo‘lgan talab bir pasda tushib ketishi mumkin. Bunday tezkorlik tamoyili shu asosda faoliyat yuritayotgan har qanday ommaviy axborot vositasi obro‘si, hurmatining balandligini ta'minlaydi, muxlislari ko‘payishiga zamin yaratadi. Mumtoz jurnalistikada ham tezkorlik, haqqoniylik, xolislik birlamchi tamoyillar sanalardi, zamonaviy jurnalistikada ham ular birlamchidir, mavqei o‘zgargan emas.

Biroq ... biroq ... Ha, ekran, to‘lqin va sahifalarni to‘ldirgan yangiliklar, axborotlar, ma'lumotlar tezkor, haqqoniy, xolis uzatilishi shart ekanligiga ko‘pincha e'tibor bermaymiz, tekshirib ko‘rmaymiz yoki tezkor uzatilmasligiga guvoh bo‘lamiz. Bu barcha zamon jurnalistikasida og‘riqli nuqta hisoblangan.

O‘tayotgan o‘quv yilida 1 avgustdan 20 avgustga qadar oliy ta'lim muassasalariga qabul bo‘yicha o‘tkazilgan test sinovlari jarayonlarini yoritishda ham jurnalistlar yetakchi o‘rinda bo‘ldilar. Umuman, test sinovlarini o‘tkazish jamoatchilik uchun yangilik bo‘lmasa-da, ilk bora Prezidentimizning 2017 yil 16 noyabrdagi 3389-son Qarorida belgilab berilgan yangicha ruh, yangicha talablarga muvofiq o‘tkazilganligi yangilikdir. Respublika miqyosida ahamiyatga ega ushbu tadbir Davlat test markazi, barcha vazirlik, idora va ommaviy axborot vositalari hamkorligida o‘tkazildi, oshkoraligi, shaffofligi ta'minlandi.

Oldingi maqolamizda yozilganidek, jurnalistlar faoliyatida hech qanday noqonuniy cheklovlar yo‘q. Aksincha, jamiyatimizda yuz berayotgan turli voqeliklarni jamoatchilikka haqqoniy, tezkorlik va xolislik bilan yoritish, jarayonlarning faol ishtirokchisi bo‘lish, turli noqonuniy holatlarning oldini olishda asosiy tayanch sifatida ko‘riladi ular.

Mana endi maqola mohiyatini tashkil qiluvchi masalaga keldik. 2018 yil 1 avgust kuni 2-smenada Xalq iste'mol tovarlarining ko‘rgazma yarmarka savdosi Respublika markazi binosida o‘tkazilgan test sinovlari jarayonini yoritish maqsadida boshqa ommaviy axborot vositalari qatori elektron ommaviy axborot vositalari orasida o‘zining o‘rni va obro‘siga ega bo‘lgan kun.uz saytining muxbiri ham tashrif buyurgan edi. Tadbirni yoritish jarayonida, muxbir o‘zining kursdoshi abituriyent sifatida test sinovi topshirayotganligiga guvoh bo‘lgan. Ma'lum bo‘lishicha, “kursdosh” allaqachon nufuzli oliy ta'lim muassasasi (Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti)ni tugatgan soxta abituriyent bo‘lib chiqadi. Aynan ana shu joyda muxbirning bundan keyingi faoliyati (xatti-harakati) hatto jurnalistlar uchun ham tushunarsiz kechadi. U oradan 2 kun o‘tgach (?), bu haqda huquqni muhofaza qilish organiga ma'lum qiladi. Tabiiy savol tug‘iladi – nega o‘sha paytning o‘zida binoda faoliyat yuritayotgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga xabar qilmadi? Davlat test markazi xodimlariga ishonmas ekan, davlat xavfsizlik xizmati xodimlariga yoki ichki ishlar xodimlariga ma'lum qilishi mumkin ediku? Adolatni tiklashda, shaffolikni ta'minlashda jurnalisning burchi, roli qaerda qoldi? Axir, bu paytda barcha imkoniyat va kuchlar test sinovlarida adolatni o‘rnatish, shaffoflikni ta'minlashga qaratish uchun safarbar qilingandiku? Muxbirimizning bunday yo‘l tutishidan kimga naf bilmadigu, biroq o‘sha paytda bu tartibbuzarlik, noqonuniy harakat ochilmay qoldi. Agar prokuratura Davlat test markaziga so‘rov yubormaganida holat yopiqligicha qolaverardi. To‘g‘ri, prokuraturaga o‘sha biz bilgan muxbir ma'lum qilibdi. Bu yaxshi, lekin nima uchun ikki kundan keyin. Holat ba'zi shubhayu gumonga yo‘l ochishi tabiiy. Shubha, gumon bor joyda ishonch bo‘lmaydi. Ishonchsizlik har qanday qalami o‘tkir jurnalistni ham xalq nazaridan uzoqda tutadi.

Shunga qaramay, bizni muxbirning “Sabrning tagi oltin” maqolasiga tayangani hayron qoldirmoqda. O‘sha soxta abituriyent qanday qilib bino ichiga kirganligi boshqa masala – buni aniqlash bilan prokuratura shug‘ullanyapti. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, soxta abituriyent olgan “ish haqi”ni qaytargan, tekshirish ishlari esa davom etmoqda.

Bino hududi va binoga kirish tartibiga ham qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 15-bandiga muvofiq ... abituriyentlarni shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali binoga, tegishli hududga kiritish ... Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ta'minlanadi. Shuningdek, uning 29-bandi, 3-xatboshida abituriyentlarni test sinovlari o‘tkaziladigan hududga shaxsni identifikatsiyalash vositalari orqali tartibli kiritilishini ta'minlash mahalliy davlat hokimiyati organlarining ham vazifalari sifatida aks etgan. Ko‘rinadiki, abituriyentlarni test sinovi o‘tayotgan bino hududiga kiritish bilan nufuzli tashkilotlar shug‘ullangan. Bunda qandaydir qoida buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi emas, balki videofiksatsiya va shaxsni identifikatsiyalash vositalarining kamchiligi ayon bo‘ladi. Tadbir davomida yuz bergan kamchiliklar bo‘yicha Davlat test markazi o‘z xulosasini chiqardi va keyingi jarayonlarda bu hisobga olinadi, albatta.

Jurnalistchi, u ham xulosa chiqardimikan?! Axir, jurnalistikada sabrning tagi oltin emas – tanazzulning o‘zginasi ekanligiga iymon keltirdimikan?! Bu har bir jurnalistning vijdoniga, qolaversa, faoliyat yuritish shakli va usuliga bog‘liq.

Alohida e'tirof etamiz – Davlat test markazi bundan keyin ham barcha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini mustahkamlashda davom etadi, jamoatchilik bilan axborot almashishda ularga ishonadi.

 

Davlat test markazi