Shaffoflik korrupsiyaga o‘rin qoldirmaydi

09-07-2018 | 6298

Mamlakatimizda ayniqsa ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar o‘z mevasini bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 noyabrdagi 3389-son Qarori va Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-son qarori oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlarini o‘ta shaffof jarayonga aylantirdi. Jamoatchilik, ayniqsa abituriyentlar sabrsizlik bilan kutayotgan qaror ham aslida shu edi.

Tilga olingan soha bo‘yicha Davlat test markazi va manfaatdor vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar ayni paytda qoniqarli baholanmoqda. Xususan, joriy yilning 25 aperel kuni o‘tkazilgan repetitsiya jarayoni, oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovlari umuman bu yo‘lda shaffoflik ta’minlanganligini ko‘rsatdi.

Nomlari yuqorida zikr etilgan qarorlarda o‘z aksini topgan o‘zgarish va yangiliklarni bir eslang:

birinchidan, test sinovlarining 15 kunda o‘tkazilishi;
ikkinchidan, natijalar test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga e’lon qilinishi;
uchinchidan, abituriyentlar bino hududiga va bevosita bino ichiga kirishda metallodetektorlar, shaxsni identifikatsiya qilish va videofiksatsiya qurilmalari orqali kiritilishi;
to‘rtinchidan, test sinovi jarayonlari to‘la videokuzatuv ostida o‘tishi, barcha hatti-harakatlar nazoratda ekanligi barchani birdek quvontiradi.

Axir, bularning barini biz orzu qilib kelayotgan edik. Aynan ana shu o‘zgarishlar keyingi yillarda “bolalab” kelayotgan korrupsiyani yo‘qqa chiqaradi. Bu yerda biz bevosita test sinovini o‘tkazish bilan bog‘liq holatlarni nazarda tutayapmiz, albatta.

Shu joyda ota-onalarga aytmoqchimizki, farzandlari faqat va faqat tayyorgarlik ko‘rishsin, ko‘chadagi turli firibgarlar va ta’magirlarga ishonmasinlar, o‘z bilimlariga tayansinlar. Ana shundagina adolatga qaratilgan bunday qarorlarni qabul qilgan hukumatimiz rahbarlari kutgan natijalarga erishamiz hamda kelajagimiz sari yanada ishonch bilan qadam tashlaymiz.

Davlat test markazi ma’muriyati