Davlat test markazi direktori M.Karimov “Cambridge Assessment International Education” vakili bilan uchrashdi

03-10-2018 | 1352

2018 yil 25 sentyabr kuni Davlat test markazida “Cambridge Assessment International Education”ning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i D.Bruker bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

M.Karimov mehmonni Davlat test markazi faoliyati va 2018-2019 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalariga qabul uchun o‘tkazilgan test sinovlari yakunlari bilan tanishtirdi. Bunda test sinovlarida joriy etilgan yangilik va o‘zgarishlarga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida boshqarma boshlig‘i S.Rajabov boshqarma va chet tillarini bilish va egallashda Milliy test tizimi to‘g‘risida batafsil tushuntirish berdi, bo‘lim boshlig‘i E.Uraeva o‘z chiqishida bo‘lim tomonidan shakllantirilayotgan testlar tavsifiga to‘xtaldi.

D.Brukerda Boshqarma va DTM tomonidan olib borilayotgan ishlar katta qiziqish uyg'otdi. D.Bruker “Cambridge Assessment International Education” faoliyati va chet tillaridan test topshiruvchilarning bilim darajasini aniqlashga imkon beradigan «on-linemulti-level» tizimi haqida ma'lumotlar berdi.

Uchrashuv nihoyasida Davlat test markazi hamda Kembrij universiteti bazalarida markaz xodimlari malakasini oshirish sohasida hamkorlik yo‘llari belgilab olindi.

Axborot xizmati