Sayt test rejimida ishlamoqda

Qaror loyihasi to‘g‘risida

12-02-2021 | 424

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining baholarini oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi to‘g‘risida"gi qarori loyihasi qo‘yilgach, ayrim internet nashrlarida loyiha haqida ba’zi noto‘g‘ri fikr-mulohazalar bildirilmoqda va Davlat test markazini loyiha muallifi sifatida ayblash holatlari ham kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan qaror loyihasi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish lozim topildi.

Avvalo AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Avstraliya, Rossiya, Belorussiya, Turkiya kabi o‘ndan ortiq xorijiy davlatlar tajribalari o‘rganilgach, ushbu qaror loyihasi tayyorlanganligini, tayyorlashda Davlat test markazi bilan birga, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi kabi bevosita ta’lim tizimini rivojlantirishga mas’ul davlat tashkilotlari ishtirok etganligini eslatish kerak. Shuningdek, loyihaning har bir  bandi ular bilan kelishilgan. Loyiha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda abituriyentlarga keng imkoniyat, sharoit yaratishi bilan birga, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablarida ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Qaror loyihasi abituriyentlar uchun hech qanday imtiyoz belgilamaydi. U o‘quvchining bilimini baholashda bir ko‘rsatkich sifatida olinmoqda. Shuningdek, loyihani tayyorlashda korrupsiyani oldini olish e’tiborga olingan. Zero, davlatimiz tomonidan hamma sohalarda korrupsiyaga qarshi jiddiy va keskin kurash olib borilayotganligi, bu yo‘lda barcha kuch, imkoniyatlar safarbar qilinayotganligi natijasida xalqimizning huquqiy ongi, huquqiy madaniyati yuksalmoqda.

Har bir fuqaro o‘z huquqidan foydalanib, qaror loyihasi bo‘yicha takliflari va fikrlarini qoldirishlari mumkin. Ular inobatga olinadi va birorta fikr e’tiborsiz qoldirilmaydi.

 

Davlat test markazi